Bursa 2022 yilda Turkiy davlatlarning madaniy poytaxti bo‘ladi

    Ayni paytda Xorazm viloyatining Xiva shahrida «Markaziy Osiyo dunyo sivilizasiyalari chorrahasida» xalqaro madaniyat forumi doirasida turli darajadagi uchrashuvlar, madaniy tadbirlar va ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tmoqda.

    Bugun TURKSOY xalqaro tashkiloti doimiy kengashining 38-majlisida Turkiy dunyo mamlakatlarining madaniyat poytaxti o‘zgardi. Unga ko‘ra, 2022 yilda Turkiyaning Bursa shahri Turkiy tilli davlatlarning madaniy poytaxti maqomiga ega bo‘ladi.

    Xalqaro turkiy madaniy tashkiloti TURKSOY tomonidan har yili a'zo davlatlarning mashhur va tarixiy shaharlarini «Turkiy dunyo madaniyati poytaxti», deb e'lon qilish loyihasi mavjud bo‘lib, 2020–2021 yillarda Xiva shahri mazkur maqomga loyiq ko‘rilgan. Kengashning 38-majlisida ushbu maqom Bursa shahriga berildi. Ya'ni 2022 yilda Turkiyaning Bursa shahri Turk dunyosi madaniyat poytaxti bo‘ladi. Shuningdek, 2023 yilda esa Ozarbayjonning Shusha shahriga ushbu maqom beriladi.

    Ma'lumot o‘rnida, TURKSOY xalqaro tashkiloti har bir «Turkiy dunyo madaniyati poytaxti» deb tanlangan shaharda tashkilotga a'zo davlatlarning san'ati va madaniyatini ochib beruvchi fotoko‘rgazma tashkil etish an'anasini yo‘lga qo‘ygan.