Butun dunyo boʻylab xorijiy investitsiyalar hajmi 49 foizga qisqardi

    Dolzarb 27 Oktabr 2020 764

    Toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 2020-yilning birinchi yarmida 2019-yilning shu davriga nisbatan 49 foizga qisqargan. Investitsiyalarga doir loyihalarga pandemiya va karantin, shuningdek ular tufayli kelib chiqqan iqtisodiy oʻsishning sekinlashishi salbiy taʼsir oʻtkazdi. Bu haqda BMTning Savdo va rivojlanish boʻyicha konferensiyasi (YUNKTAD) yangi maʼruzasida soʻz yuritilgan.

    Pasayish toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning barcha shakllarida yuzaga keldi. Yangi investitsiya loyihalarining soni 37 foizga, qoʻshilib va singib ketish hisobiga 15 foizga qisqardi. Infratuzilmaga qaratilgan investitsiyalarning asosiy manbasi hisoblangan transchegaraviy moliyaviy oqimlar 25 foizga qisqardi, deb xabar beradi BMTning axborot markazi.

    Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda investitsiyalar hajmining sezilarli darajada qisqarishi kuzatildi. Masalan, Shimoliy Amerika mamlakatlariga yoʻnaltirilgan investitsiyalar 56 foizga qisqarib, 68 milliard dollarni tashkil etdi.

    Osiyoda esa, asosan Xitoydagi koʻrsatkichlar hisobiga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning qisqarishi bor-yoʻgʻi 12 foizni tashkil etdi. Iqtisodi oʻzgarib turadigan mamlakatlarga yoʻnaltirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi Rossiyadagi keskin pasayish tufayli 81 foizga qisqardi.

    “Kelajakda nima boʻlishi haqida fikr bildirish qiyin. Ular sogʻliqni saqlash tizimidagi inqirozning davomiyligiga, hamda pandemiyaning iqtisodiy asoratlarini yumshatish boʻyicha koʻriladigan siyosiy choralarning samaradorligiga bogʻliq”, — deyiladi YUNKTADning press-relizida.