Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qoʻmitasi raisi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi

    Xabar berganimizdek, Xitoy Xalq Respublikasi Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qoʻmitasi raisi Chjao Leszi boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turibdi.

    Xitoy delegatsiyasi aʼzolari Oliy Majlis Senati Raisi hamrohligida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi.

    Delegatsiya rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan majmuaning arxitektura yechimlari va kompozitsiyasining oʻziga xos xususiyatlari bilan tanishdi.

    Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qoʻmitasi delegatsiyasi 2025-yilda boʻlib oʻtadigan Osiyo va Para-Osiyo oʻsmirlar oʻyinlari ishtirokchilarini qabul qiladigan, poytaxtimizda barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasida boʻldi.

    Chjao Leszi dunyoning 70 ta davlatida sport inshootlarini qurish tajribasiga ega Xitoyning “AM Engineyering” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Olimpiya shaharchasi qurilishining borishi bilan tanishdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qoʻmitasi raisi shaharchada amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami va sifatini yuqori baholab, davlat tomonidan sportni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan eʼtibordan dalolat berishini hamda bu loyihalarning barchasi Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan har tomonlama va serqirra hamkorlik samarasi ekanini taʼkidladi.