Tadbirda Oʻzbekistonga Saudiyadan sayyohlar oqimini koʻpaytirish, turli sohalarda investitsiyalarni jalb etishda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekistonda amalga oshrilayotgan tub islohotlar, xususan, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, turkompaniyalarga berilayotgan imtiyozlar, sayyohlarning xavfsizligi taʼminlash boʻyicha tadbiq etilayotgan loyihalar haqida batafsil soʻzlab berildi. Bundan tashqari, Saudiya vakillari uchun Oʻzbekistonning eko, agro va gastronomik, ekstremal, ekologik, togʻ va tibbiyot turizmi turlarining imkoniyatlarini ochib beruvchi taqdimot oʻtkazildi.

Buxoriylar diasporasi vakillari, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning sayyohlik imkoniyatlarini Saudiya aholisi oʻrtasida targʻib etishga tayyor ekanini bildirdi. Xususan, togʻli hududlarda barpo etilayotgan sayyohlik inshootlari va dam olish maskanlari saudiyalik turistlarda katta qiziqish uygʻotishi taʼkidlandi.

Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston-Saudiya hamkorligini mustahkamlash va kengaytirish boʻyicha ishlarni davom ettirishda birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.