Mazkur holatda, “Buxoro – Vnukovo” yoʻnalishidagi aviareys orqali xorijiy davlatga uchib ketayotgan fuqaro Respublikamiz hududidan madaniy meros ashyolarini yashirincha olib chiqishga uringan vaqtida bojxona xodimlari tomonidan toʻxtatib qolindi.
Natijada, jami 22 dona qadimiy tangalar ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olindi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, mazkur tangalar XX asrda zarb etilgan boʻlib, ular Rossiya imperiyasi hamda Sovet Ittifoqi davriga oidligi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, baʼzi tangalar Avstriya-Vengriya yoki Germaniya imperiyasiga tegishli boʻlishi ham mumkin.
Hozirda ushbu numizmatika ashyolari qadimiylik darajasini aniqlash va tarixiy ahamiyatini baholash maqsadida Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasiga badiiy ekspertizadan oʻtkazish maqsadida taqdim etildi.
Maʼlumot oʻrnida shuni aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, zarb etilganligiga 50-yildan oshgan numizmatika buyumlarini yurtimiz hududidan olib chiqib ketish taʼqiqlanadi.