35 kun davom etgan yozgi amaliyot kurslarida mamlakatimizdan 30 nafarga yaqin boʻlajak shifokorlar qatnashib, oʻz tajribalarini oshirdilar. Xususan, ular Anqara shahridagi nufuzli shifoxonalardan birining xirurgiya, travmatologiya, anesteziologiya, intensiv terapiya boʻlimlarida amaliy koʻnikmalarni egalladilar.
Amaliyot kurslari yakunida Turkiya tibbiyot fanlari universiteti rektori Kamoliddin Aydin ishtirokida tashkil etilgan sertifikatlarni topshirish marosimida mamlakatimiz elchixonasi vakillari ham ishtirok etdi.
Tadbirda soʻnggi yillarda Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshidagi Turkiya tibbiyot fanlari universiteti fakulteti bitiruvchilari zamonaviy bilimlarni egallagan holda, mamlakatimizda tibbiyot sohasi rivojiga munosib hissa qoʻshayotgani qayd etildi. Bu yil Turkiyaga malaka oshirish va amaliyot oʻtash maqsadida kelgan talabalar ham olgan bilim va koʻnikmalarini Oʻzbekistonda qoʻllashlariga ishonch bildirildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“Ibn Sino yurtidan kelgan oʻzbek talabalari doimo oʻzlarining ilm olishga chanqoqligi bilan ajralib turadi. Biz bundan keyin ham Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshidagi fakultetimiz talabalari uchun mana shunday amaliy mashgʻulotlarni tashkil qilishni davom ettiramiz. Kelgusida oxirgi kurs bitiruvchilari uchun Turkiyada bir yillik amaliyot dasturini joriy qilishni rejalashtiryapmiz. Oʻzbekiston bilan munosabatlar biz uchun juda qadrli. Istiqbolda yurtingizdagi faoliyatimizni yanada kengaytirish niyatidamiz. Jumladan, Buxoroda stomatologiya fakultetining filialini ochmoqchimiz. Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot instituti bilan ham qoʻshma loyihalarimiz bor”, dedi rektor Kamoliddin Aydin.