Buxoro markazida yangi IT-markaz oʻz ishini boshladi

    Raqamlashtirish 24 Iyun 2020 2441

    Buxoroda aholini IT-mutaxassisliklar boʻyicha oʻqitish va kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish uchun zamonaviy infratuzilma bilan jihozlangan yangi IT-markaz ishga tushirildi.

    Buxoroda ushbu markazning ochilishi, 100 dan ziyod yangi IT-korxonalar yaratish, 35 mingdan ortiq yangi tinglavchilarni qabul qilish va 1000 dan ziyod davlat xizmatchilarining malakasini oshirish imkonini beradi. Oʻʼqituvchilar axborot texnologiyalari boʻyicha malakalarini oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar.

    Talabalarning amaliy koʻnikmalarini oshirish maqsadida turli xil amaliy va laboratoriya mashgʻulotlari, qoʻshma loyihalar, shuningdek, Buxorodagi IT-markaz rezidentlari bilan frilans va startap loyihalarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

    Taʼkidlash joizki, 2020-yil oxiriga qadar Buxoro viloyatida yana 6 ta, 2021-yil oxiriga qadar esa viloyatning barcha shahar va tumanlarida jami 13 ta IT-markazlar ochiladi.

    Bundan tashqari, 2020-yil oxiriga kelib, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida mintaqadagi 533 ta umumtaʼlim maktab 7–11 sinflarida 134,4 ming oʻquvchini oʻqitish rejalashtirilgan.

    Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2022-yil oxiriga qadar Buxoro viloyatida AKT sohasiga ixtisoslashgan 2 ming nafar malakali mutaxassis tayyorlanadi.