Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “SSDF” markali yuqori sifatli dizel yoqilgʻisini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi

    Sanoat 5 Aprel 2023 1354

    “Uzbekistan GTL” va Buxoro neftni qayta ishlash zavodlari mutaxassislari hamkorligida “Yevro – 4” va “Yevro – 5” sinfidagi “SSDF” markali yangi turdagi (yarim sintetik) dizel yoqilgʻisini ishlab chiqish boʻyicha oʻtkazilgan qator tadqiqotlar muvaffaqiyatli yakunlandi.

    “TS 16472899- 044” standarti talablariga muvofiq yangi turdagi mahsulotni tayyorlash uchun “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan “GTL” sintetik dizel yoqilgʻisi Buxoro neftni qayta ishlash zavodining anʼanaviy dizel yoqilgʻisi bilan aralashtirildi. Bunda, “SSDF” yarim sintetik dizel yoqilgʻisi anʼanaviy yoqilgʻiga sintetik komponentning 50 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorini qoʻshish orqali ishlab chiqariladi.

    2023-yil 17-martda yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishga tatbiq qilish asosida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi “DT Yevro-L-II-K4-SSDF” va “DT Yevro-L-II-K5-SSDF” markali dizel yoqilgʻisini seriyali ishlab chiqarish boʻyicha muvofiqlik sertifikatiga ega boʻldi.

    Ushbu yangi turdagi dizel yoqilgʻisi anʼanaviy dizel yoqilgʻisidan yaxshilangan syetan soni va indeksi koʻrsatkichlari, shuningdek, politsiklik aromatik uglevodorodlar miqdori bilan ajralib turadi.

    Qayd etish joizki, syetan soni va indeksi koʻrsatkichlarining oshishi dizel yoqilgʻisining ekspluatatsion va iqtisodiy koʻrsatkichlarini yaxshilaydi. Yoqilgʻi tarkibidagi politsiklik aromatik uglevodorodlar miqdorining kamayishi natijasida chiqindi gazlari tarkibidagi zararli moddalarning atrof-muhit va inson salomatligiga salbiy taʼsiri kamayadi.

    Oʻzbekistonda ushbu turdagi neft mahsulotining ishlab chiqarilishi natijasida ichki va tashqi bozorga ekologik toza, yuqori sifatli dizel yoqilgʻisini yetkazib berish, shuningdek, xorijiy valyutani tejash va importni qisqartirishga erishiladi.

    Maʼlumot uchun: Bugungi kunda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 16 turdagi dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarilmoqda, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.