“Buxoro” neftni qayta ishlash zavodining ish faoliyati qayta tiklandi

    Energetika 18 Aprel 2021 1220

    Rejali taʼmirlash ishlarini amalga oshirish maqsadida, joriy yil 5-apreldan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 10 kun muddatga toʻxtatilgani haqida xabar berilgan edi.

    Zavodda uglevodorod xom ashyolarini qayta ishlashda sarflanadigan energiya resurslar sarfini kamaytirish hamda kelgusida texnologik qurilmalarni xavfsiz ishlashini taʼminlash maqsadida 10 kun davomida amalga oshirilgan rejali taʼmirlash ishlari toʻliq tugatildi.

    Joriy yil 16-apreldan zavoddagi qurilmalar bosqichma-bosqich yoʻriqnomalarga asosan ishga tushirildi.

    Oʻtgan muddat davomida “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodi asosiy ishlab chiqarish sexining “Atmosfera bosimi ostida neft va gaz kondensati xom-ashyosini haydash” hamda “Umumiy naftani gidrotozalash” texnologik qurilmalarida joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Chora-tadbirlar natijasida texnologik pechdagi issiqlik almashtirgichlar va quvurlarni gidromexanik tozalash, shuningdek, umumiy naftani gidrotozalash katalizatori himoya qatlamini oʻz ichiga olgan katalitik tizimga almashtirildi.

    Bundan tashqari, “Umumiy naftani gidrotozalash” texnologik qurilmasida mavjud eski rusumdagi katalizatorni Fransiyaning “Axens” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan asosiy katalizatori “HR-608” boʻlgan yangi rusumdagi katalitik tizimga almashtirildi.

    Ayni paytda zavodda amalga oshirilgan rejali taʼmirlash davrida rejalashtirilgan barcha ishlar 100 foizga bajarildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.