Buxoro shahrida istirohat bogʻi quriladi

    Bugungi kunda Buxoro shahri katta qurilish maydoniga aylangan. Shaharning koʻplab hududlarida aholi turar joylari, inshootlar, yoʻllar, shuningdek, aholi dam olish maskanlari bunyod etilmoqda.

    Ana shunday inshootlardan biri sobiq Toʻqimachi dehqon bozori oʻrnida qurilishi rejalashtirilgan istirohat bogʻidir.

    Bogʻ uchun 1,7 gektar yer ajratilgan boʻlib, bu yerda butazor va tabiiy oʻtloqli maydon, veloyoʻlak va piyodalar yoʻlakchasi, sport maydoni barpo etiladi. Umuman, tashrif buyuruvchilarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, zarur infratuzilma yaratiladi. Puxta oʻylangan dizaynga ega istirohat bogʻi bir tarafdan sayyohlar uchun muhim joyga, ikkinchi tomondan shahar brendining bir qismiga aylanadi, deya xabar beradi Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati.

    Ayni paytda bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Bugun erta tongda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari, viloyat tashkilot va idoralari mutasaddilari, yoshlar, jamoatchilik vakillari, ekologiya hamda obodonlashtirish sohasi xodimlari mazkur hududda “Yashil makon” umummiliy loyihasi doirasida tashkil etilgan daraxt oʻtqazish tadbirida ishtirok etishdi.

    Shundan soʻng, xalqimizning qadimiy urf-odatlariga binoan, Qurʼon tilovat qilinib, yaratgandan yaxshi niyatlarning ijobati soʻraldi va daraxt ekish ishlariga kirishildi.

    — Xalqimizning “Yaxshidan bogʻ qoladi” degan azaliy naqli bor. Bu hikmat ayni kunda yangicha mazmun va mohiyat kasb etgan. Bunday ezgu va xayrli ishda har birimiz ishtirok etib, oʻz hissamizni qoʻshishimiz mumkin. Qolaversa, “Koʻchat ekib, bogʻ yarat”, “Birni kessang oʻnni ek” hikmatlari ham bejiz aytilmagan. Oilada farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Shu bois, yurt obodligi shu kabi ezgu amallardan boshlanib, har bir koʻngilga fayz beradi, yashashimiz mazmunini belgilaydi, – deydi viloyat bosh imom xatibi Jobirjon Elov.