BMT Bosh Assambleyasi 2011-yilda qabul qilgan rezolyutsiyada xalqlar, davlatlar, madaniyatlar va insonlar oʻrtasidagi doʻstlik, tinchlikni taʼminlash bilan bogʻliq harakatlarga ilhomlantirish hamda madaniy xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatlar oʻrtasida koʻpriklar oʻrnatish maqsadida 30-iyul — Xalqaro doʻstlik kuni sifatida belgilangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yoʻllagan bu yilgi Murojaatnomasida jamiyatimizda millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishiga alohida eʼtibor qaratib, yurtimizda 30-iyulni “Xalqlar doʻstligi kuni” deb belgilashni taklif etdi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishonini taʼsis etish haqidagi tashabbusi ham qoʻllab-quvvatlandi.
Tarixi bir necha ming yilliklarga tutash koʻhna va boqiy Buxoro ham qadim sharq sivilizatsiyasi beshiklaridan biri sifatida asrlar davomida millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik maskani boʻlib kelgan. Tarixchilarning guvohlik berishicha, Buxoroda mahalliy aholi bilan birgalikda yahudiy, fors-tojik, qozoq, turkman, arab, yunon va boshqa millat vakillari ham tinch-totuv umrguzaronlik qilishgan.
Ajdodlarning bagʻrikenglik anʼanalarini munosib davom ettirgan holda bugungi kunda ham viloyatimizda 40 dan ortiq millat vakillari hudud ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va maʼrifiy taraqqiyoti yoʻlida munosib xizmat qilishmoqda. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda viloyatda 11 ta milliy-madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Mazkur markaz aʼzolarining vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida qilgan mehnatlari munosib baholanib, Natalya Chapanashvili, Irina Kotova, Alixan Umarov, Bayramgul Maratova, Olim Rahmatov, Juma Shukurov, Svetlana Ahmedova, Nishon Otamurodov singari viloyatdoshlarimiz turli yillarda nufuzli davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga viloyatdan saylangan deputatlarning 2 nafari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlarining 2 nafari hamda shahar va tumanlar Kengashlari deputatlarining 6 nafari boshqa millatga mansub fuqarolar ekanligi, qonun ijodkorligi va mahalliy boshqaruv tizimida ham ularning oʻrni nechogʻli zalvorli ekanligidan dalolat berib turibdi.
Prezidentimizning millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash borasidagi islohotlari namunasi sifatida Buxoro shahrida “Nodavlat notijorat tashkilotlari va Doʻstlik uyi” tashkil etildi. 750 mln soʻm mablagʻ evaziga kapital taʼmirlanib, jihozlangan mazkur binoda milliy-madaniy markazlarimizning faoliyat yuritishi, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish, oʻz ona tillari va boshqa fan toʻgaraklarini tashkil etishi uchun munosib sharoit yaratilgan.
Mazkur binoni foydalanishga topshirish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov, sektorlar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi. Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan bayram tadbirida yurtimizda millatlararo munosabatlarni mustahkamlashda qoʻshgan hissasi uchun milliy madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlari faollari va hamkor tashkilotlar xodimlaridan bir guruhi viloyat hokimligining tashakkurnomalari va qimmatbaho sovgʻalari bilan mukofotlandi, deb xabar beradi Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati.