Bogʻcha oʻrnida eski maktabgacha taʼlim muassasasi binosi boʻlib, u necha yillardan buyon taʼmirtalab ahvolga kelib qolgandi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF-5969-sonli “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan 17,2 milliard soʻm mablagʻ evaziga viloyatdagi 6 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarini rekonstruksiya qilish belgilangan edi, – deydi Buxoro viloyati hokimligi yetakchi mutaxassisi Abbos Gʻaybullayev. — Jumladan, Buxoro shahridagi 72-sonli MTTni rekonstruksiya qilish boʻyicha Maktabgacha taʼlim vazirligi huzuridagi “Infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha injiniring kompaniyasi” DUK Buxoro viloyati filiali va “Gala Osiyo Soxtimon” ITK MCHJ oʻrtasida tuzilgan 3,4 mlrd soʻmlik shartnomaga muvofiq bu yerdagi bino va inshootlar yangidan qurildi. Oʻyin maydonchalari, 150 oʻrinli oshxona, musiqa va sport zallari zamonaviy jihozlandi.

— Bogʻchamiz 2 qavatli, 150 oʻringa moʻljallangan, – deydi maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori Muhabbat Abdullayeva. — Muassasamizga bolalarni qabul qilishda mahalladagi kam taʼminlagan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar farzandlari uchun chegirmalar joriy qilingan. Bogʻchamizda oziq-ovqat mahsulotlarining sifatli, xavfsiz va sanitariya-gigiyena talablariga toʻliq rioya qilingan holda tayyorlanishiga jiddiy eʼtibor qaratiladi.

Ayni paytda muassasada 35 nafar pedagog xodim faoliyat yuritmoqda. Kundalik mashgʻulotlardan tashqari rus, ingliz tili, shaxmat, shashka, rasm chizish, badiiy gimnastika toʻgaraklari ham faoliyat koʻrsatadi. Har bir guruh xonasiga kuzatuv kameralari oʻrnatilgan.

Bogʻchadagi oʻziga xos tarbiya uslubi shundaki, unda jahon talablariga mos va xos boʻlgan vositalardan foydalaniladi. Bunda eng rivojlangan davlatlar taʼlim yoʻnalishi asos qilib olingan. Shuningdek, kelgusida yangi integratsiyalashgan elektron monitoring tizimi joriy qilinadi. Bu orqali ota-onalar uylarida oʻtirib ham internet yordamida farzandlarining mashgʻulotlarda qanday ishtirok etayotgani, oʻzini tutishi va kun davomidagi jarayonlarni kuzatishi mumkin.

Binoning ochilish marosimida Buxoro shahar hokimligi, maktabgacha taʼlim boʻlimi mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, ota-onalar ishtirok etishdi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati