Mazkur mahorat namoyishida viloyatimiz vakillaridan tashqari Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax viloyatlaridan 15 yoshdan 35 yoshgacha bo'lgan jami 200 dan ortiq nomzod, ya'ni o'zbek milliy maqom san'ati ishtiyoqmandlari, yosh iste'dodli mumtoz qo'shiq ijrochilari ishtirok etdilar.
Tanlovga puxta hozirlik ko'rgan Buxoro tumani Madaniyat bo'limi ansambli “g'oliblik shohsupasi”ning quyi pog'onasi–uchinchi o'rin bilan kifoyalangan bo'lsa, Sirdaryo viloyatidan kelgan Namunali maqom ansambli faxrli ikkinchi o'ringa munosib deb topildi. Ko'rik-tanlovning bosh mukofoti — oliy o'rin uchun bahs Andijon hamda mezbon jamoa–buxorolik yosh san'atkorlar jamoalari o'rtasida kechdi. Yakunda vodiy viloyati ixtisoslashtirilgan san'at maktabi o'z repertuari va iste'dodli ijrochilari bilan faxrli birinchi o'rinni qo'lga kiritgan bo'lsa, Buxoro viloyat Namunali maqom ansambli oliy o'rin – Gran-prini qo'lga kiritdi.
Bundan tashqari, uch kun davom etgan va san'atsevar muxlisu mutaxassislarni o'ziga chorlagan ko'rik–tanlovda “erkak ovozi”, “Ayol ovozi” hamda “Sozanda ansambli” kabi nominatsiyalarda ham iqtidor egalari aniqlandi. Jumladan, tanlovning “erkak ovozi” nominatsiyasi bo'yicha Buxoro viloyati 16-son Bolalar musiqa va san'at maktabi o'qituvchisi Qulmamat Himmatov va Samarqand viloyati Namunali maqom ansambli yakkaxon xonandasi Nishon Qayumovlar faxrli uchinchi o'rinni egalladilar. Buxoro maqom san'atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internati o'qituvchisi Ramziddin ergashev faxrli ikkinchi, Surxondaryo viloyati Namunaviy maqom ansambli yakkaxon xonandasi Aloviddin Shermamatov esa faxrli birinchi o'rinni qo'lga kiritdilar. Bu yo'nalishda oliy o'rin––Gran-pri Buxoro viloyati 14-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabi o'qituvchisi Asadbek Haydarovga nasib etdi.
Tanlovning “Ayol ovozi” nominatsiyasida ham yosh iste'dod egalari kashf etildi. Xususan, mezbon jamoadan Romitan tumani 12-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabi o'quvchisi Fazilat Soliyeva hamda Shofirkon tumani 9-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabi o'qituvchisi Sanobar Xudoynazarova mos ravishda faxrli uchinchi va ikkinchi o'rinlarni egalladilar. Jizzax viloyati Namunaviy maqom ansambli yakkaxon xonandasi Dinora Rahmonova faxrli birinchi o'ringa loyiq deb topilgan bo'lsa, o'z ijrochilik mahorati bilan mezbon jamoaning yana bir a'zosi––Buxoro viloyati Namunaviy maqom ansambli yakkaxon xonandasi Mehriniso Samiyeva oliy o'rin––Gran-pri mukofotini qo'lga kiritdi.
Tanlovning “Sozanda ansambli” nominatsiyasida Vobkent tumani 8-son Bolalar musiqa va san'at maktabi hamda Sirdaryo viloyati Namunaviy maqom ansambli faxrli uchinchi o'rinni band etdilar. Respublika Musiqa va san'at kolleji badiiy ansambli bu yo'nalishda faxrli ikkinchi o'rinni egallagan bo'lsa, Abdurauf Fitrat nomidagi Buxoro maqom san'atiga ixtisoslashtirilgan maktab–internati faxrli birinchi o'ringa sazovor bo'ldi. Oliy o'rin––Gran-pri esa Andijon ixtisoslashtirilgan san'at maktabi iste'dodlariga nasib etdi.
“Buxoro shashmaqomi” respublika ko'rik-tanlovi g'oliblari O'zbek Milliy maqom san`ati markazi hamda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan diplom va esdalik mukofotlari bilan taqdirlandilar.