Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1970-yilda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan, hozirda Kogon tumanidagi fermer xoʻjalikda qorovul boʻlib ishlovchi fuqaro ushlandi va undan kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 581 gr. “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor surishtiruv harakatlari davomida Buxoro shahrida yashovchi, 1961-y.t. fuqaro ushbu narkosavdogardan muqaddam 158 gr. “opiy” moddasini sotib olganligi aniqlanib, undan ham ashyoviy dalillar tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Taʼkidlash lozimki, mazkur giyohvandlik vositalari Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimizga olib kelingan.

Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa “Surxondaryo – Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari tomonidan “Sirdaryo” YPX maskanida toʻxtatilib tekshirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Denov tumanida yashovchi, 1997-y.t. fuqaro yonida 286 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositalari Tojikiston Respublikasidan olib kelingan.

Bu yoʻnalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha Boshqarmasi xodimlari ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar oʻtkazishdi.
Dastlab, Fargʻona shahrida yashovchi, 1998-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Malibu” rusumli avtomashina “Quva - Fargʻona” yoʻnalishida harakatlanayotgan vaqtida toʻxtatilganda, u xodimlarning qonuniy talablariga boʻysinmasdan, voqea joyidan qochishga uringan.

Biroq, tezkor guruh tomonidan koʻrilgan choralar natijasida avtomashina toʻxtatilib, uning haydovchisi va salonida boʻlgan 2 nafar fuqaro ushlandi hamda ular tomonidan yoʻl chetiga uloqtirib yuborilgan 905 gr. “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Soʻngra Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1994-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashina Margʻilon shahrida toʻxtatilib tekshirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Namangan shahrida yashovchi, 1989-y.t. fuqaroga tegishli 925 gr. “gashish” moddasi borligi maʼlum boʻldi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib ushbu narkotik moddalarni Tojikiston Respublikasidan buyurtma qilib, Qirgʻiz Respublikasi orqali olib keltirgan Beshariq tumanida yashovchi, 1983-y.t. shaxs ham ushlandi.

Boshqa holatda esa Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi, 1989-y.t. fuqaro Qirgʻiz Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan keltirilgan 957 gr. “gashish” moddasini olib, yoʻlovchi mashinada Quva tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

“Namangan - Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanayotgan, Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi, 1996-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Qoʻqon shahri hududida toʻxtatilib koʻzdan kechirilganda, avtomashina salonida 833 gr. “gashish” moddasi borligi maʼlum boʻldi va protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.