Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan “Buxorotumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, “J.V.” MCHJ mansabdor shaxslari jamiyatga qarashli issiqxonani hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy ravishda aholi xonadonlarini tabiiy gaz bilan taʼminlovchi yuqori bosimli gaz quvuriga toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, gaz taʼminoti korxonasi manfaatlariga 106,1 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.

Hisob-kitoblarga koʻra ushbu issiqxonada noqonuniy foydalanilgan tabiiy gaz 1 oy davomida hududdagi 280 ta xonadonni uzluksiz gaz bilan taʼminlashga yetishi maʼlum boʻlgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.