Tadbirda departament tomonidan ilgari surilgan ikki tomonlama hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama etildi.
Onlayn shaklida oʻtgan muloqotda mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan turizm taʼlimi yoʻnalishida olib borilayotgan oʻzgarishlar haqida soʻz yuritildi.
Taʼkidlash lozimki, Buxoro turizm texnikumi bilan Fransiyaning Ruan universiteti turizm sohasida oʻrta boʻgʻin kadrlarni tayyorlash va doimiy malakasini oshirishga doir kelishuvga erishgan. Unga koʻra, talabalar ikki yil davomida Buxoro turizm texnikumida taʼlim olish jarayonida Ruan universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan beriladigan oʻquv seminarlarda ishtirok etishadi. Oʻqishni tugatgan iqtidorli talabalardan bir guruhi oʻqishni Fransiyada bakalavriat yoʻnalishida grant asosida oʻqishni davom ettiradi.
Muhokamalarda shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish mexanizmlari va ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi. Jumladan, Ruan universiteti tadqiqotchilari va doktorantlarining amaliyotlarini Buxoro turizm texnikumida oʻtkazishga va birgalikda tadqiqotlar olib borishga kelishib olindi. Bundan tashqari, onlayn muloqot davomida ikki tomonlama diplomlar berish dasturlarini (Double Degree) ishlab chiqish taklif etildi.
Videokonferensiya soʻngida tomonlar yaqin kunlar ichida Anglashuv memorandumini imzolashga va hamkorlikning amaliy qismiga oʻtishga tayyor ekanliklarini bildirishdi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.