Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro va Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda bojxona idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalarining yirik partiyasi noqonuniy aylanmadan chiqarildi.

Ma’lum qilinishicha, Buxoro shahrida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan va muqaddam narkojinoyat uchun sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Lacetti” avtomashinasi “Surxondaryo–Buxoro” yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida Kogon tumani hududida to‘xtatilgan.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning motor qismidagi havo filtri ostiga yashirilgan 993 gramm “opiy” moddasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Surishtiruvlar davomida ushbu giyohvandlik vositasi Termiz tumanida istiqomat qiluvchi, 1980 yilda tug‘ilgan va xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi shaxsdan olingani ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxs ham ushlan-di. Uning yonidan 5 kg, yashash xonadonidan esa yana 7 kg “opiy” ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.