Koʻrsatuv ijodiy guruhining Buxoro va Xiva shaharlariga tashrifi Turizm qoʻmitasi hamda mamlakatimizning Moskva shahridagi elchixonasi koʻmagida tashkil etildi.
Ushbu dasturning mamlakatimiz hayotiga bagʻishlangan sonida telekanal sharhlovchisi Diana Jalolova Buxoro va Xiva shaharlarining diqqatga sazovor joylari va dunyoga mashhur qadimiy obidalari haqidagi maʼlumotlar ham tomoshabinlar eʼtiboriga taqdim etgan.
“Ayniqsa, Buxoro sayohatchilarni Oʻrta asrlar muhitiga taklif qiladi. Xiva shahri Ipak yoʻlidagi misli koʻrilmagan goʻzal voha boʻlib, Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyoda YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan birinchi shahardir”, – deyiladi dasturda.
Koʻrsatuv boshlovchisi oʻzbek sanʼati – anʼanaviy kulolchilik va qoʻlda ishlangan gilamlar hamda kashtalarga ham toʻxtalib, ulardagi nozik va betakror, rang-barang naqshlarni alohida qayd etgan.
Bundan tashqari, koʻrsatuvda Buxoro va Xivaning sayyohlik, madaniyat va sanʼat maskanlari haqida batafsil maʼlumotlar berilgan, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.
“Moya planeta” dunyo boʻylab 75 million muxlisni qamrab olgan, sayohat toʻgʻrisida kecha-kunduz efirga uzatiladigan axborot manbasidir. Taʼsiri ijtimoiy tarmoqda ham seziladigan telekanal Rossiyada 23 milliondan ortiq, MDH va Boltiq boʻyi mamlakatlarida 2 million obunachiga ega.