Buxoro va Xorazmni bogʻlovchi yoʻlni chigirtkalar bosdi

    Voqea-hodisalar 11 May 2025 1083

    Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro va Xorazm viloyatlarini bogʻlab turuvchi yoʻlni chigirtkalar bosgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, xabardagi holat Buxoro viloyatining A-380 avtomobil yoʻlining 327 kilometrida boʻlib, mazkur hududda saksovul bukri chigirtkasi toʻdasi aniqlangan.

    Maʼlumotlarga koʻra, chigirtkalar toʻdasini oʻz vaqtida talofatlarsiz bartaraf etish maqsadida Buxoro viloyatining chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati A-380 avtomobil yoʻlining 327 kilometrida 2 ta otryadga boʻlingan holda kimyoviy ishlovlarni 24/7 rejimida olib bormoqda. Chigirtkalar toʻdasi aniqlangan hududda ayni vaqtda ham qarshi kurash tadbirlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.

    Xabarda keltirilishicha, saksovul bukri chigirtkasi qishloq xoʻjaligi ekinlariga zarar yetkazmaydi.

    Buxoro viloyatining Gazli massivi, Romiton, Qorakoʻl, Toyloq tumanlari alohida nazorat ostiga olingan boʻlib, kuzatuv-monitoring ishlari ham davom etyapti, — deyiladi xabarda.

    Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, aholi oʻrtasida ortiqcha vahima va sarosimaga sabab boʻluvchi xabarlarni tarqatmaslikni, zararli chigirtka tarqalgan maydonlar toʻgʻrisida 1288 yoki 71 202 10 00 raqamlariga murojaat qilishga chaqirdi.