Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2018-yil 7-avgustdagi 631-sonli hamda 2020-yil 10-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 433-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Bosh vazir o'rinbosari - turizm va sport vaziri A.Abduhakimovning tegishli buyrug’i bilan qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Turizm va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Lola Zakirlayeva boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatining tuman mahallalarida joyiga chiqqan holda, oʻrganish va oilaviy mehmon uyi tashkil etish istagini bildirgan fuqarolarga amaliy yordam koʻrsatish, aholi oʻrtasida targʻibot tadbirlarini olib borish hamda tadbirkorlik subyektlarini qiynayotgan muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha Gʻijduvon tumanida tashkil etilayotgan “Qoʻrgʻon” turizm mahallasi va uning atrofidagi “Chorsu” va “A.Gʻijduvoniy” mahallalari aholisi bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ishchi guruh asosan Buxoro viloyatidagi turistik salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalarda joylashgan mehmon uylariga e’tibor qaratdi. U yerdagi shart-sharoitlar va mavjud muammolar bilan tanishdi hamda aholi bilan ochiq muloqotlar tashkil etdi. Unda oilaviy mehmon uylarini ochish tartibi, tegishli hujjatlarni taqdim etish borasidagi savollarga Turizm va sport vazirligi mutasaddilari tomonidan javob berildi.
Shuningdek, mazkur uchrashuvlarda oilaviy mehmon uylari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha belgilangan talablar va yaratilgan imtiyozlarni keng tushuntirish bilan birga tadbirkorlik subyektlari faoliyatini amalga oshirishda toʻsqinlik qilayotgan masalalar va ularning yechimlari boʻyicha oʻz taklif mulohazalarini bildirdi.
Ta’kidlash lozimki, oilaviy mehmon uylarini tashkil etish va ularni oilaviy mehmon uylari sifatida moslashtirish va reyestrga kiritish ishlariga doir targ‘ibot ishlari viloyatning boshqa tumanlarida ham davom ettirilmoqda.