Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklaridan birining Romitan filiali sobiq rahbari A.H., bank menejeri F.S. va tumandagi mahallalardan birida sobiq hokim yordamchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi S.X.lar o‘zaro til biriktirib, fuqaro H.A.ning xabardorligisiz uning nomiga 32,9 mln so‘m kredit mablag‘i ajratib, go‘yoki uch g‘ildirakli mototsikl xaridi uchun YATT “S.G.”ning hisob-raqamiga pul ko‘chirib, naqdlashtirib olish yo‘li bilan o‘zlashtirganliklari aniqlangan.

Bundan tashqari, fuqaro H.A.dan 35,9 mln so‘mlik kredit qarzdorligini undirish haqidagi sud buyrug‘i asosida MIB tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilganligidan xabar topgan bank sobiq boshqaruvchisi A.H. o‘zining jinoiy harakatlarini yashirish maqsadida to‘lanmagan kredit qarzdorlikni go‘yoki to‘liq undirilganligi haqidagi soxta xatni MIB tuman bo‘limiga taqdim qilib, ijro ishi yuritishni tamomlanishiga erishgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.