Buxoro viloyatida gaz-kimyo sohasiga ixtisoslashgan “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi

    Sanoat 13 Iyul 2022 2772

    Buxoro viloyatida yangi “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi (EIZ) quriladi. Erkin iqtisodiy zonada MTO texnologiyasi asosida qurilayotgan gaz-kimyo majmuasiga (GHK) asos solinadi.

    Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyulda qabul qilingan VMQ-357-son qarori bilan yakuniy mahsulot ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyali turdosh tarmoqlarni rivojlantirishga hissa qoʻshadigan sanoat klasterini qurish boshlandi.

    MTO texnologiyasiga asoslangan Gaz-kimyo majmuasi “Qorakoʻl” EIZning yirik ishtirokchisi va tabiiy gaz metanini qayta ishlash imkonini beruvchi MTO (metanoldan olefin olish) texnologiyasi asosidagi polimer mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha respublikadagi eng yirik zavodga aylanadi.

    Korxonada Oʻzbekiston bozori uchun yangi boʻlgan polietilentereftalat (PET) va polipropilen (PP), shuningdek, etilenvinilatsetat (EVA) va past zichlikdagi polietilen (LDPE) ishlab chiqariladi.

    Majmua yiliga 730 ming tonnagacha polimer mahsulotlari ishlab chiqaradi va mamlakatdagi eng yirik polimer ishlab chiqaruvchi va metandan bunday materiallar ishlab chiqaradigan dunyodagi kam sonli korxonalardan biriga aylanadi.

    – Bu mamlakatimiz energetika sanoatini rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi va Markaziy Osiyoda yirik gaz-kimyo loyihalarini amalga oshirish uchun birinchi sanoat platformasini yaratishga xizmat qilmoqda. Klaster hudud rivojiga va 2300 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiladi, – deydi SEG bosh direktori oʻrinbosari, MTO loyiha menejeri M.Shakirov.

    “Qorakoʻl” EIZ rezidentlari uchun bir qator soliq, normativ va boshqa imtiyozlar nazarda tutilgan. Xususan, 10 yil muddatga mol-mulk va suv taʼminoti uchun soliq imtiyozlari, asbob-uskunalar va xomashyoni bojsiz olib kirish huquqi berilgan. Shuningdek, aksizlar va daromad soligʻi 50 foizga kamaytirilib, boshqa imtiyozlar qoʻllaniladi.

    Oʻzbekistonning bir qancha yirik polimer mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalari EIZ hududida obyektlarni joylashtirishga qiziqish bildirishgan. Ular orasida eng yirik gilam ishlab chiqaruvchi SAG va UrGaz, quvur ishlab chiqaruvchi Vero Group va Mergantex toʻqimachilik mahsulotlari bor.