Qirqta oliygohga moliyaviy mustaqillik berilgani bugun oʻz samarasini bergani taʼkidlandi.
Masalan, iqtisodiyot, yuridik, tibbiyot, tillar va pedagogika yoʻnalishidagi oliygohlarning yetarli mablagʻi bor. Lekin eng dolzarb boʻlib turgan qishloq xoʻjaligi, veterinariya, muhandislik, aniq va tabiiy fanlar (STEM) yoʻnalishidagi ayrim oliygohlar daromad topishga oʻrganmayotgani, yoshlar uchun jozibador emasligi koʻrsatib oʻtildi.
Prezidentimiz “tarmoq-korxona-oliygoh” zanjirini yoʻlga qoʻyishni jadallashtirish zarurligi qayd etdi.
Bu borada 25 ta muhandislik oliygohi hamkor korxonalarda 438 ta kafedra ochdi. Masalan, neft-gaz tarmogʻi taʼlim-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil qildi. Buxoro texnika universiteti esa neft-gazdan tashqari yana 10 ta korxonada 20 ta kafedra filiali faoliyatini yoʻlga qoʻydi.
Buxoro viloyatida yaqin yillarda yirik gaz-kimyo majmuasi ishga tushishi kutilmoqda. Xorijiy kompaniyalar tomonidan Ustyurtdagi yangi loyihalar boʻyicha ishlar boshlangan.
Prezidentimiz bu quvvatlarga mutaxassislar qayerda tayyorlanadi, ilmiy izlanishlar kim tomonidan olib boriladi, degan savollarga hozirdan javob topish kerakligini taʼkidladi.