Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Buxoro viloyatidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 5-yil muddatga, shu jumladan ikki yillik imtiyozli davr bilan 100 mln AQSH dollari miqdorida foizsiz kredit ajratadi. Ular quyidagicha taqsimlanadi:

  • davlat dasturlari asosida kichik va oʻrta biznes, xizmat koʻrsatish va turizm loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun 60 mln AQSH dollari miqdorida foizsiz mablagʻlar;
  • infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun 40 mln AQSH dollari miqdorida foizsiz byudjet ssudasi.

Buxoro viloyatida tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash va loyihalarni moliyalashtirishni muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruh tuzildi. Uning vazifalari:

  • master-rejalar asosida infratuzilma loyihalarining manzilli roʻyxatini shakllantirish;
  • infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va master-rejalarni ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachilarni aniqlash;
  • loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etish, mablagʻlardan samarali foydalanish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Buxoro viloyati tumanlari (shaharlari)ning meʼmoriy qiyofasini yaxshilash, aholi, tadbirkorlar va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqiladigan master-rejalar roʻyxati;
  • Buxoro viloyati tumanlari (shaharlari)da turistik, koʻngilochar, gastronomik, savdo va xizmat koʻrsatish faoliyatini rivojlantirish maqsadida tashkil etiladigan 24 soat faoliyat yuritadigan koʻchalar roʻyxati;
  • Buxoro viloyati tumanlari (shaharlari)ning ixtisoslashuvi yoʻnalishlari va unga muvofiq ularning “oʻsish nuqtalari” (drayverlari)ni rivojlantirish.

Hujjat qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilindi va 2024-yil 13-avgustdan kuchga kirdi.obneye: