Ushbu holat yuzasidan Xatirchi tumani hokimligi munosabat bildiradi.
Maʼlumki, mamlakatimizda millatlararo totuvlik, umummilliy hamjihatlik va diniy bagʻrikenglikni hurmat qilish siyosati izchil davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinchlik va ahil-inoqlikda hayot kechirmoqda. 16 ta rasmiy diniy konfessiya, jumladan yahudiy jamoalari ham qonun asosida erkin faoliyat olib bormoqda.
Shu qatorda yahudiylar uchun sinagogalar faoliyat olib bormoqda.
Shu bilan birga, ikkala davlat oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilgan, elchixonalar faoliyat yuritmoqda, Toshkent—Tel-Aviv—Toshkent yoʻnalishida aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etish kerakki, Xatirchi tumaniga tashrif buyurgan xorijlik yahudiylar, toʻgʻrirogʻi azaliy vatandoshlarimiz — Buxoro yahudiylari – qachonlardir oʻzlari, ota-bobolari yashab oʻtgan diyorning tarixiy-madaniy merosini oʻrganish, ajdodlar qadamjolarini ziyorat qilish, Oʻzbekiston bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlash maqsadida kelishgan.
Tuman hokimining ushbu mehmonlarni kutib olgani xalqimizga xos mehmondoʻstlik va bagʻrikenglikning yaqqol ifodasidir.
Shuni alohida qayd etish kerakki, bu kabi tashriflar Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi ochiqligi, diniy va milliy bagʻrikenglik borasidagi yutuqlari eʼtirof etilayotganining yorqin dalili, insoniy tamoyillarga asoslangan yondashuvdir.
Millatlararo totuvlik va umummilliy hamjihatlik – bu xalqimizning bebaho boyligi va barqaror taraqqiyotning kafolatidir. Uni asrash, mustahkamlash – har bir fuqaroning burchidir.
Shu oʻrinda, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, jurnalist va blogerlardan bu kabi holatlarni ishonchli maʼlumotlarga tayangan holda eʼlon qilishlarini hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini chalgʻituvchi maʼlumotlarni tarqatmasliklarini soʻraymiz.








