Kuni kecha Buxoro viloyat Koʻp tarmoqli tibbiyot markazida Rossiya Federatsiyasining G.A. Ilizarov nomidagi travmatologiya va ortopediya ilmiy–amaliy tibbiyot markazi professori, tibbiyot fanlari doktori Konstantin Novikov hamda viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti mutaxassislari hamkorligida yuqoridagi kabi, ilmiy til bilan aytganda, gipofizar disxondroplaziya, nanizm kasalligiga uchragan bemorda murakkab operatsiya amalga oshirildi.
Buxoro tumanida yashovchi Gulruh Nurmurodova taassufki, gipofizar disxondroplaziya kasalligi bilan ogʻrigan, tugʻilganidan uning tayanch-harakat aʼzolari, ayniqsa, oyogʻida deformatsiyalanish, yaʼni qiyshayish qayd etilgandi. Bunday kasallikka chalingan bemorlarda boʻy oʻsmay qolishi, xalq tili bilan aytganda, pakanalik kuzatiladi. Ming afsuski, Gulruh Nurmurodovada ham xuddi shunday boʻlgan va 29 yoshga yetganiga qaramasdan, uning boʻyi tugʻma kasalligi tufayli 1 metr 18 santimetrni tashkil etgan, xolos.
— Dunyo tibbiyoti rivojlanib borayotgan bugungi davrda yuqoridagi kabi tayanch-harakat aʼzolarida deformatsiyalanish, nanizm kasalligiga yoʻliqqan bemorlarda jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli oʻtkazilmoqda. Masalan, jahon tibbiyotida tan olingan birgina Ilizarov usulini qoʻllash bilan kasallarni nafaqat sogʻlom hayotga qaytarish, ularga oʻzlari mustaqil yurish baxtini berish, balki, qiyshaygan oyoqlarini tashqi fiksatsiyalash, yaʼni, bir necha bosqichda qayta toʻgʻrilash hisobidan ular boʻyini albatta, fiziologik holatidan kelib chiqqan holda 15-20 santimetrgacha choʻzish mumkinligi fanda oʻz isbotini topgan, – deydi mazkur jarrohlik operatsiyasida ishtirok etgan mahalliy mutaxassislardan biri, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining travmalar oqibati va ortopediya boʻlimi boshligʻi Furqat Toshev.
— Shubhasiz, bu tibbiyotda juda katta yutuq. Gulruxga kelsak, deyarli bir hafta uni mazkur operatsiyaga tayyorladik. Rossiyalik mutaxassis, tibbiyot fanlari doktori Konstantin Novikov bilan birga bu amaliyotda Respublikamiz hamda viloyatimizdan yuqori malakaga ega ortoped-travmatologlar qatnashdilar.Deyarli 4 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyotida bemorning bir oyogʻidagi boldir va son suyaklari toʻgʻrilandi.
Bu oyoqqa Ilizarov apparatida tashqi fiksatsiyalash uslubi qoʻllanildi. Bemor qiz bir necha oyni shu apparatda oʻtkazishi lozim boʻladi. Qatʼiy tibbiy nazorat ostida bemor oyogʻidagi apparat oʻlchami sutkasiga 4 mahal oʻrganilib, sozlab–oʻzgartirilib boriladi. Bu esa suyakni toʻgʻrilash va oʻstirish imkonini beradi. Aytish mumkinki, viloyatdan mutaxassis sifatida Furqat Toshev va boshqalar oʻtgan yillar davomida Rossiya Federatsiyasining Kurgan viloyatida G.A.Ilizarov nomidagi tibbiyot markazida xizmat safarida boʻlishib, malaka oshirishgan.
Tugʻma hamda orttirilgan ortopedik-travmatologik kasalliklarni tezkor va samarali davolash koʻnikmalarini egallashgan. Yuqoridagi operatsiya esa ana shu ilmiy-nazariy oʻrganish va izlanishning amaliy ifodasidir. Aytish mumkinki, viloyatdan mutaxassis sifatida Furqat Toshev va boshqalar oʻtgan yillar davomida Rossiya Federatsiyasining Kurgan viloyatida G.A.Ilizarov nomidagi tibbiyot markazida xizmat safarida boʻlishib, malaka oshirishgan. Tugʻma hamda orttirilgan ortopedik-travmatologik kasalliklarni tezkor va samarali davolash koʻnikmalarini egallashgan. Yuqoridagi operatsiya esa ana shu ilmiy-nazariy oʻrganish va izlanishning amaliy ifodasidir.
Vrachlarning maʼlumotiga qaraganda, murakkab jarrohlikni boshidan kechirgan Gulruh Nurmurodovaning ayni paytda salomatligi qoniqarli va u umumiy boʻlimga oʻtkazilgan. Bemorning ikkinchi oyogʻidagi anamaliya, qiyshayish bilan bogʻliq muammoni esa ikkinchi bosqichda, yana uch oydan soʻng aynan shunday jarrohlik yoʻli bilan hal qilishga qaror qilingan.
Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati