Buxoroda 102 tup qimmatbaho daraxt kesib tashlandi

    Daraxtlar kesilishi oqibatida tabiatga 1,7 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Bu haqda Bosh Prokuratura yozmoqda.

    Mamlakatimizda "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va bu orqali respublikamizda yashil maydonlarni ko‘paytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Afsuski, daraxt va butalarni noqonuniy kesish holatlari tez-tez uchramoqda. Peshku tumanining “Mustaqillik”, “Chig‘irchi”, “Yangibozor”, “Sadir” va “Malishoyak” mahallalari hududidan oqib o‘tuvchi “Zandani” kanalining muhofaza zonasida o‘sib turgan jami 125 tup – 23 tup kam qimmatli, 102 tup qimmatbaho daraxt kesilgan.

    Dastlabki xulosaga ko‘ra, hududda daraxtlar kesilishi oqibatida tabiatga 1,7 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

    Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazish uchun ichki ishlar organlariga yuborildi.

    Mazkur jinoyat ishi tergovi ustidan prokuror nazorat o‘rnatilgan.