Buxoroda 2 yoshli bola ikkita tangani yutib yubordi

    Salomatlik 10 Iyun 2025 738

    Tangalar bolaning qiziloʻngach toraymasida tiqilib qolgan. Bolada zudlik bilan zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan va uning hayoti saqlab qolingan.

    Qayd etilishicha, Buxoro viloyati Qorakoʻl tuman tibbiyot birlashmasida 2023-yilda tugʻilgan Gʻiyosov Mironshox ismli chaqaloq yuqori qiziloʻngach toraymasida yot jism qolib ketgani sababli shoshilinch qabulxona boʻlimiga olib kelindi.

    Shundan soʻng, dam olish kuniga toʻgʻri kelganiga qaramasdan, navbatchilikda boʻlgan yuqori malakali shifokorlar jamoasi tezkor tibbiy yordam koʻrsatdi. Zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida yuqori texnologik, kam invaziv jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi va bolakay hayoti saqlab qolindi.

    Ayni paytda bemorning ahvoli barqaror, shifokorlar nazorati ostida qoniqarli holatda.