Buxoroda 274 million AQSH dollarilik qoʻshma korxona qoʻrilmoqda

    Mazkur “Petrochem sepehr” qoʻshma korxonasi Oʻzbekiston va Eron davlatlari oʻzaro hamkorligi va kapitali asosida tashkil etilmoqda.

    Viloyat hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, mazkur neft kimyo klasterini tashkil etish doirasida bu korxonada oʻndan ortiq biznes loyiha asosida, mutaxassislarni jalb qilgan holda kimyoviy usulda pentan, geksan, benzol, toluol gazlari yoritgichlari, shuningdek, riformat va izomerizat aromatik uglevodorodlari, monometilanilin, dimetil karbonat, ammoniy bikarbonat, kaustik soda va kaliy sulfati kabi jami 13 xil turdagi mahsulot ishlab chiqarish tajribasi oʻzlashtiriladi.

    Muhimi, mazkur loyihalarning ishga tushirilishi evaziga yil davomida 240 million AQSH dollariga teng boʻlgan neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilishi, shundan 82 million AQSH dollariga teng mahsulot eksportga yoʻnaltirilishi, 123 million AQSH dollariga teng import oʻrnini bosuvchi mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi.
    Iqtisodiy jihati esa bunda yiliga 214 milliard soʻmga teng boʻlgan byudjet tushumiga erishilishi bilan birga, korxonada band boʻladigan 600 nafarga yaqin ishchi-mutaxassisning moddiy manfaatdorligi taʼminlanadi.

    Qayd etish joizki, loyihadagi texnologiyalar analoglari Buxoro va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodlarida mavjud boʻlib, ulardan farqli ravishda, ishlab chiqariladigan yengil nafta–eritgichlar ishlab chiqarish loyihasiga yoʻnaltiriladi. Natijada ishlab chiqarilgan avtobenzin tarkibida benzol miqdori 1 foizdan oshmasligiga erishilib, ishlab chiqarilgan avtobenzin mahsuloti “YEVRO-5” standarti talabiga javob beradi.

    Masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Petrochem sepehr Bukhara” Oʻzbekiston-Eron qoʻshma korxonasining birinchi bosqichini joriy yilning yakuniga qadar foydalanishga topshirish maqsad qilingan. Ayni kunda esa korxona sarmoyador taʼsischilari tomonidan bu yerda qurilish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini shay qilish, qolaversa, xorijdan xarid qilingan texnologiyalar bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda.