Buxoroda 6-yil muqaddam sodir etilgan mudhish qotillik jinoyati fosh etildi

    Gumon qilingan shaxsning aybi toʻliq isbotlanib, jinoyat ishi yuzasidan toʻplangan hujjatlar jazoning muqarrarligini taʼminlash uchun Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudiga yuborildi.

    2018-yilning 24-aprel kuni soat 01:15 larda Buxoro shahar IIO FMB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga koʻra, shaharning Turdi Farogʻiy koʻchasida joylashgan xonadonlardan birida yongʻin yuz bergan, yongʻin bartaraf qilinganida, xonadon mehmonxonasidan, shu uyda yashagan fuqaroning jasadi tanasining turli joylarida jami 18 ta sanchilgan-kesilgan jarohatlar bilan aniqlangan.

    Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi, 173-moddasi 2-qismi “B,v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Oʻsha vaqtda prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat tarkibda tergov tezkor guruh shakllantirilib, bir qator tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan boʻlsada jinoyatni fosh etish boʻyicha aniq natijalarga erishilmagan.

    Joriy yil boshidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining alohida farmoyishi asosida oʻtgan yillarda sodir etilib, fosh etilmasdan qolayotgan jinoyat ishlari boʻyicha tezkor surishtiruv tadbirlarni tiklash va fosh etish boʻyicha alohida chora tadbirlar belgilandi.

    Ana shu jinoyat ishlari orasida yuqorida keltirilgan mudhish qotillik jinoyati ham mavjud boʻlib, mazkur jinoyat ishi boʻyicha ham viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir qilgan shaxs aniqlandi.

    Ayblanuvchining koʻrsatmalarini voqea joyida tekshirish tergov harakati hamda guvohlarning koʻrsatmalariga asosan jinoyat sodir qilganlikda gumon qilingan shaxsning aybi toʻliq isbotlanib, jinoyat ishi yuzasidan toʻplangan hujjatlar jazoning muqarrarligini taʼminlash uchun Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudiga yuborildi.