Xususan, viloyatda foydalanishdan chiqqan 77,8 ming gektar va choʻl yerlarini 2021-2022-yillarda foydalanishga kiritish, Buxoro choʻl yerlarini oʻzlashtirish ilmiy-amaliy markazini tashkil qilish boʻyicha tegishli qaror loyihasi ishlab chiqish tavsiya qilingan. Bunda yer ishlarining manzilli dasturi hamda yer oʻzlashtirish tadbirlarini bozor tamoyillari asosida, xususiy sektorni jalb qilgan holda amalga oshirish belgilangan. Ayni paytda viloyatda 77,8 ming gektar yerni oʻzlashtirish uchun zarur boʻlgan 300 millard soʻmni 2021-yilda respublika byudjetidan Suv xoʻjaligi vazirligi tizimiga ajratiladigan mablagʻning elektr energiyasi xarajatlarini tejalgan qismi hisobidan moliyalashtirish talabi qoʻyilgan.

Respublika Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida “Trigon Internationale INC” xorijiy kompaniyasi tomonidan 2021-2025-yillar mobaynida 300 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritish hisobiga Peshkoʻ tumanida 50 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali choʻl yerlarini oʻzlashtirib, texnik kannabis oʻsimligini sanoat maqsadida yetishtirish, qayta ishlash boʻyicha yirik investitsion loyihani amalga oshirishga kirishilmoqda.

Shuningdek, 2021-yilda viloyatda 26 ming 520 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni, shu jumladan, 17 ming 440 gektar maydonda tomchilatib sugʻorishning zamonaviy texnologiyasini joriy qilish saʼy-harakati boshlangan. Buning samarasi oʻlaroq, hududda irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish hisobidan 1,5 milliard kub-metr hajmdagi “obi hayot”ni tejash va viloyatda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilishni tezlashtirish uchun 21 yilga moʻljallangan subsidiya mablagʻlarining 50 foizini oldindan ajratish maqsadga muvofiqligi qayd qilingan. Viloyat hokimligi respublika Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Bogʻdorchilik va va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2021-2022-yillarda suv tejovchi texnologiyalarni keng qoʻllagan holda 5 ming gektar yerda intensiv bogʻ va 4,7 ming gektar yer maydonida uzumzor bogʻ barpo etish talabi qoʻyilgan.

Birgina qishloq xoʻjaligida bu kabi agrotexnik tadbirlar koʻlami yana-da kengaymoqda. Mavjud imkoniyat, bilim, kuch hamda vositalar ishga solinmoqda. Masalan, ayni kunda bu borada viloyat miqyosida jami 50 ming 666 gektar yer maydonini oʻzlashtirish ishlari boshlangan boʻlsa, bu agrotexnik jarayon 61 ta loyihani oʻz ichiga oladi. Aynan shu kecha-kunduzda, yaʼni 8-fevral holatida foydalanishga kiritilgan yer maydoni 6 ming 738 gektarga yetkazilgan boʻlib, bu umumiy rejaning 13 foizdan koʻprogʻini tashkil etadi. Xuddi shunday, 38 ming 340 gektar yerni tekislash va tuproq ishlarini bajarish tadbirlari ham 6 ming 595 gektarga uddalangan.

Shofirkon tumani choʻl massivida oʻzlashtirilayotgan yer maydonlarida irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish bilan birga 180 dona tik sugʻorish qudugʻini oʻrnatish koʻzda tutilgan boʻlib, hozirda uning 10 tasi qurilgan va 27 kilometrdan iborat sugʻorish tarmogʻini barpo etish, 6 dona nasos agregati oʻrnatish, 21 kilometrga elektr tarmogʻini tortib, muayyan infratuzilmani, faoliyat uchun yetarli qulaylikni yaratish nazarda tutilgan.

Yirik loyihalar qatorida qishloq xoʻjaligi rivojlantirilayotgan Jondor tumanida 10 ming 500, Kogon tumanida 6 ming, Buxoro tumanida 5 ming 5, Qorakoʻl tumanida 4 ming 800, Romitan tumanida 4 ming 388 gektar, Olot va Gʻijduvon tumanlarida 4 ming gektardan iborat oborotdan chiqarilgan yer maydonlarini foydalanishga kiritish boʻyicha amaliy saʼy-harakat boshlangan.

Bu jarayonda Buxoro tumanining Qumsulton, Kunjiqalʼa, Yangiobod, Shergiron, Oʻrtachoʻl, Vobkent tumanining Toʻdakoʻl, Yangi Hayot arigʻi, Jondor tumanining Moxonkoʻl, Varaxsho, Kogon tumanining Siyozpoyon, Mustaqillik, Beklar, Qorakoʻl tumanining Qulonchi, Shoʻrobod, Sayyot, Jigʻachi, Mallaishayx, Quvvacha, Chandirobod, Olot tumanining Oq oltin, Amudaryo, Bahoriston, Guliston, Sharq yulduzi, Qirlishon, Peshkoʻ tumanining Bogʻi Muso, Varaxsho, Buxoro-3, Jongeldi, Navoiy-2, Romitan tumanining Yangiobod, Bogʻiturkon, Shoʻrcha, Qoqishtuvon, Shofirkon tumanining Denov, Joʻyrabod, Iskogare, Vardonze, Gʻijduvon tumanining Mehnatobod, Qutchi, Koʻkcha kabi massivlarida tanlab olingan yer maydonlarida amaliy ishga kirishildi. Loyiha egalari zimmasida esa masʼuliyatli, shu bilan birga xayrli vazifalar turibdi.

— Oʻzlashtiriladigan yerlar birinchi navbatda kam taʼminlangan, muqim daromadga ega boʻlmagan oilalar, pandemiya sharoitida ishsiz qolgan hamyurtlarimizga beriladi, – deydi viloyat hokimligi bosh mutaxassisi Ozod Noʻkarov. — Ular shuning orqasidan ozmi-koʻpmi daromadga ega boʻladi, roʻzgʻorini tebratadi. Qolaversa, bozorlarimizda bu yerda yetishtirilgan mahsulotlar hisobiga moʻl-koʻlchilik, arzonchilik boʻladi, oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanadi.

Misol uchun, Olot tumanida ana shunday loyihalardan birining egasi sifatida “Parvoz Xumo Ravnaq Trans” MCHJ jamoasi Amudaryo, Bahoriston, Guliston va Sharq yulduzi massivlaridan jami 2 ming gektardan ziyod yer maydonini oʻzlashtirib, foydalanishga kiritishi lozim. Shu kecha-kunduzda MCHJ tomonidan 20 gektar yer obod qilinib, tuproq ishlari bajarilib, 170 gektar yer maydoni tekislangan. Bundan tashqari, agrotexnik tadbirlarga masʼul jamoa tomonidan hududda 7 kilometr uzunlikda sugʻorish, 3 kilometr kollektor, qolaversa, 107 kilometr uzunlikdagi elektr tarmogʻini qurish va 4 ta nuqtaga nasos agregatini oʻrnatish koʻzda tutilgan.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati