Buxoroda attraksion nega uzilib ketdi?

    26-mart kuni Buxoro shahridagi “Samoniylar” madaniyat va istirohat bog‘ida nosoz karuseldan kichik bolali er-xotin qulab tushdi. Uchalasi ham og‘ir yaralangan.

    Hodisa Buxoro shahridagi “Somoniylar” nomli markaziy madaniyat va istirohat bog‘idagi “Tvister” attraksionida ro‘y bergan.

    Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi ("Kontexnazorat") bayonotiga ko‘ra, 2022-yilning dekabr oyida favqulodda vaziyatlar bo‘linmalari xodimlari bilan hamkorlikda favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida Buxoro shahridagi “Somoniylar” madaniyat va istirohat bog‘idagi attraksionlar, shu jumladan, “Xalikov Shuhrat” Yakka tartibdagi tadbirkorga qarashli bo‘lgan “Tvister” attraksionining xavfsizlik holatini o‘rganish bo‘yicha profilaktik tadbir o‘tkazilgan.

    Natijada ushbu attraksion statik va dinamik sinovlardan o‘tkazilmagani, attraksiondan foydalanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma olinmagani, undan xavfsiz foydalanish bo‘yicha javobgar shaxs tayinlanmagani aniqlangan.

    O‘rganish o‘tkazgan ishchi guruh tomonidan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan hamda attraksiondan foydalanish taqiqlangan.

    Shunga qaramasdan attraksiondan o‘zboshimcha foydalanish davom etgan va javobgar shaxs tomonidan kundalik texnik nazorat amalga oshirilmagan. Oqibatda attraksion o‘rindiqlarini tutib turuvchi metall moslama ichki tomonidan yemirilib, korpusdan uzilib ketgan va bir oila (3 kishi) tan jarohati olgan.

    “Holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda. "Kontexnazorat" tomonidan “Xalikov Shuhrat” YTTga qarashli “Tvister” attraksioni tekshiruvini o‘tkazish biznes vakil bilan kelishilmoqda”, deyiladi xabarda.