Buxoroda ayollar oʻrtasida badminton boʻyicha musobaqa tashkil etildi

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (World Health Organization)ning maʼlum qilishicha – “salomatlik – bu tugal jismoniy, aqliy va ijtimoiy farovonlik holatidir”. Shuning uchun insonlarning (erkak yoki ayol boʻlishidan qatʼiy nazar) salomatligi jamiyatning har tomonlama farovonligi va odamlar hayotiga uzoq muddatli ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Basseynda suzish, kortda tennis oʻynash, velosiped haydash, badminton kabi sport turlari bilan shugʻullanib turish insonga oʻzini oʻzini yaxshi his qilishi, yaʼni miyada endorfin – kayfiyatni koʻtaruvchi muhim gormonlar paydo boʻlishiga olib keladi. Demakki, sport bilan shugʻullanadigan kishilar oʻz qadr-qimmatini yaxshi his qiladi.

    Hozirgi kunda mamlakatimizda xotin-qizlar oʻrtasida sportni rivojlantirish, ularning sport bilan ommaviy shugʻullanishi uchun zarur sharoit yaratish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani ham bejizga emas.

    Turizm va sport vazirligi xabariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-noyabrdagi “Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 735-sonli qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoro viloyati turizmni rivojlantirish departamentining ayol xodimlari oʻrtasida badminton boʻyicha “Bahor malikalari” shiori ostida sport oʻyinlari tashkil etildi. Unda departamentda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.

    Bunday sport oʻyinlarini viloyat turizmni rivojlantirish departamenti xotin-qizlari oʻrtasida tez-tez tashkil qilib turish koʻzda tutilgan.