Buxoroda besh ishchini kanalizatsiya quvuri oqizib ketdi

    Buxoro viloyatining Buxoro tumani, Bogʻidasht qishlogʻida besh nafar ishchi ehtiyotsizlik oqibatida kanalizatsiya quvuriga oqib ketdi va halok boʻldi.

    Bu xabarni Buxoro viloyati IIB tasdiqladi.

    Qayd etilishicha, joriy yil 4-sentyabr kuni Buxoro tumani “Bogʻidasht” qishlogʻidan oʻtuvchi markaziy kanalizatsiya quvurida koʻngilsiz hodisa roʻy berdi.

    Tekshiruvlarga koʻra, “Fayz binokor Oltiariq” MCHJning 5 nafar ishchisi yangi qazilgan kanalizatsiya quvurini markaziy tarmoqqa ulash jarayonida ehtiyotsizlik oqibatida quvur ichiga tushib ketgan. Hodisa “Oʻrta Osiyo qurilish” MCHJga tegishli kran haydovchisi mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etmagani, qopqoqni ruxsatsiz ochib qoʻygani sababli sodir boʻlgani maʼlum qilinmoqda.

    Kuchli oqim tufayli ishchilar suv oqavasiga tortib ketgan. Olib borilgan qidiruv ishlari davomida 3 nafar fuqaroning jasadlari topildi, qolgan 2 nafar ishchini qidirish ishlari davom etmoqda.

    Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (mehnat muhofazasi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.