Buxoro viloyati “Xoʻjadavlat” temir yoʻl chegara bojxona posti orqali respublikamiz hududidan tranzit tarzida harakatlanayotgan yuk poyezdi vagonlaridan birining inspeksion koʻrik majmuasidan olingan rentgen tasviri hamda konteyner eshigi, ichki qismidagi belgi va raqamlar aks etgan yorliqlar qoʻlbola usulda oʻzgartirib qoʻyilgani bojxona xodimlarining diqqatini tortdi.
Hujjatlarga koʻra, mazkur konteynerga 20 tonnadan ziyod ogʻirlikdagi, muqaddam foydalanilgan avto ehtiyot qismlari ortilgan boʻlishi lozim edi. Ammo, tasvirlarda vagonga boshqa turdagi tovarlar ortilgani aniqlanganligi sababli, konteyner yuk egalari ishtirokida koʻrikdan oʻtkazishga qaror qilinadi.
Biroq qoʻshni davlatdan na yuk egalari, na ularning ishonchli vakillari bir necha kun davomida qayta-qayta chaqarilsalar-da, koʻrik jarayoniga yetib kelmaganlaridan soʻng, konteyner amaldagi tartiblar asosida va xolislar ishtirokida ochildi.
Natijada konteynerda yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilmagan, umumiy qiymati 10 mlrd. 610 mln. soʻmlik 700 ming 719 quti sigaretlar ortilgani maʼlum boʻldi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.