Buxoroda chaqalogʻini 10 mln soʻmga sotmoqchi boʻlgan onaga hukm oʻqildi

    Buxoro viloyatida bir oylik chaqalogʻini 10 million soʻmga sotmoqchi boʻlgan onaga sud hukmi oʻqildi.

    Oliy sudning xabar berishicha, N. K. buxorolik tanishi bilan birga yashab, 2024-yil iyun oyida Turkiyaga ishlash maqsadida ketadi va 2024-yil avgust oyida xorijiy davlatdan qaytib kelib, shu oyda qiz farzandini dunyoga keltiradi. U yana ishlash maqsadida Turkiyaga ketishni rejalashtiradi va buning uchun farzandini sotmoqchi boʻladi.

    Maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilning 4-sentyabr kuni IIB va DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda N. K. oʻzining 2024-yil 21-avgustda tugʻilgan farzandini 10 million soʻmga sotib, voyaga yetmagan farzandini sotganligi boʻyicha tilxat yozib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Aybdor ayolning qilmishi nafaqat oʻzining koʻrsatmasi, balki pullarni koʻzdan kechirish, kimyoviy ishlov berish va yozib olingan ovozlar, voqea joyini koʻzdan kechirish hamda ashyoviy dalillarni olib qoʻyish haqidagi bayonnoma, ekspertiza xulosasi va guvohlarning koʻrsatmalari bilan tasdiqlandi.

    Sud tomonidan N. K. Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.