Buxoroda chegaradan qora choy nomi ostida katta miqdorda sigareta mahsulotlari olib o‘tilayotgani aniqlandi

    Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan yirik miqdordagi tamaki mahsulotlarini qora choy nomi ostida respublikamiz hududidan olib oʻtilishiga chek qoʻyildi.

    Bu haqda Davlat bojxona qoʻmitasi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, “Xoʻjadavlat” temir yoʻl chegara bojxona posti orqali kirib kelgan va respublikamizdan tranzit tarzida oʻtayotgan yuk poyezdi konteynerlaridan biriga hujjatlarga koʻra 16 tonnadan ziyod qora choy yuklangan boʻlishi lozim edi.

    Ammo, bojxona koʻrigi davomida mazkur konteynerga choy emas, aksincha butunlay boshqa tovar – 2 nomdagi 705 500 quti sigaretlar ortilgani, mahsulotlar qonunchilik talabiga binoan qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bilan tamgʻalanmagani aniqlandi.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati 17 mlrd. soʻmni tashkil qilmoqda va hozirda vaqtincha saqlovga olingan.

    Holat yuzasidan esa bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, 2024-yil 1-sentyabrdan boshlab Oʻzbekiston orqali tamaki mahsulotlarini tranzit qilishda, tashuvchilar bojxona organlarining hisoblariga aksiz soligʻi, QQS va bojxona toʻlovlari miqdorida pul mablagʻlarini depozitga qoʻyishlari shart. Depozit sigaretalarning mamlakat tashqarisiga olib chiqilganligi tasdiqlangandan soʻng qaytariladi, — deyiladi xabarda.