Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida Hukumat uch oy muddatda ziyorat va anʼanaviy turizmni rivojlantirish mumkin boʻlgan marshrutlardagi madaniy meros obyektlari sonini 800 taga yetkazish boʻyicha topshiriq berilgan edi. Bu borada Buxoro viloyatida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, viloyatdagi madaniy meros obyektlarini Oʻzbekiston va chet el fuqarolari orasida keng targʻib qilish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish hamda 2020-yilda Buxoro viloyatida sayyohlar tashrif buyuradigan obyektlar sonini 139 taga yetkazish maqsadida Madaniyat vazirligi huzuridagi “Markazlashgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiruvchi obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash boʻyicha buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi hamda Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti tomonidan tasdiqlangan 2020-yil uchun madaniy meros obyektlarida arxeologiya va konservatsiyalash ishlarini, shuningdek restavratsiya va qayta tiklash ishlarini olib borish boʻyicha Dasturiga asosan Buxoro viloyatidagi eng ogʻir ahvolda boʻlgan 12 ta madaniy meros obyektlarida qayta tiklash ishlari boshlab yuborildi.

Buxoro shahridagi “Namozgoh”, “Ravgʻangaron”, “Xoʻja Kalon”, “Quyi Xonaqo”, “Kunjak”, “Labi Hovuz Qozi Kalon” masjidlari hamda “Toshsaroy”, “Koʻkaldosh” va “Chuqur” madrasalari, shuningdek Kogon tumani Bahouddin Naqshband majmuasining Toki-Miyona darvozaxonasi qoldiqlari, Shofirkon tumanidagi “Xoʻja Orif ar-Revgariy” (Mohitobon) majmualarida restavratsiya-taʼmirlash ishlari uchun mablagʻlar ajratildi.

Hozirgi kunda mazkur obektlar hududida yangi turistik mavsumgacha tayyorlash maqsadida qurilish-taʼmirlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.