Buxoroda erkak tanishlarining birini pichoq bilan yaralab, birini oʻldirdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Kogon shahrida 53 yoshli erkak bir ayol va yigitni pichoqlagani aks etgan video tarqalib jamoatchilikning keskin muhokamalariga sabab boʻldi.

    Holat boʻyicha Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 13-oktyabr kuni Buxoro viloyatining Kogon shahrida yashovchi 53 yoshli A.G. kelishmovchilik oqibatida ikki tanishi — 1963-yilda tugʻilgan ayol N.A. va 1995-yilda tugʻilgan U.D.ni qasddan oʻldirish maqsadida tanalarining turli sohalariga oshxona pichogʻi bilan urgan.

    Oqibatda 1995-yilda tugʻilgan U.D. shahar tibbiyot birlashmasida olgan tan jarohatlari bilan vafot etgan. Ayolga shifoxonada zarur tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

    Hozirda holat yuzasidan Kogon shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro A.G.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam oʻldirish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, u protsessual tartibida ushlangan.