“GPS” kuzatuvchisi avtomobilga oʻrnatilgandan soʻng, u sunʼiy yoʻldosh yordamida koordinatalarni aniqlaydi va maʼlumotlarni maxsus himoyalangan serverga uzatadi.
Dasturiy taʼminot esa - ushbu qabul qilib olingan maʼlumotlarni qayta ishlab, transport joylashgan manzil koordinatsiyalarini xaritaga chiqarish hamda maʼlum vaqt davomida bosib oʻtilgan yoʻnalishni koʻrsatish vazifasini bajaradi.
“GPS” tizimi orqali yoʻnalish va manzilni aniqlashdan tashqari, bekatlar, bosib oʻtilgan masofa, yoqilgʻi sarfi (yonilgʻi quyish va yonilgʻini toʻkib olish), shuningdek, transport vositasi belgilangan yoʻnalishdan chiqib ketganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish mumkin.
Bunday tizim, barcha transport vositalarini onlayn kuzatib borish, ish jarayonlarini takomillashtirish, shu bilan birga yoqilgʻi sarfini va qatnovlar jarayonini toʻliq nazorat qilish yordamida xizmat vazifasini suistemol qilayotgan haydovchilar harakatlariga chek qoʻyish imkonini beradi.
Hozirda boshqarma tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 05-oktyabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6079-sonli Farmoniga asosan jamoat transportlari harakatini onlayn kuzatish imkonini beruvchi mobil ilovani yaratish ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunga qadar 8-sonli “6-kichik nohiya-Trikotaj fabrikasi”, 9-sonli “Karvon bozor-Konchilar shaharchasi” va 51-sonli “Toʻqimachi dehqon bozori-Madaniyat bosh bekati” avtobus yoʻnalishlarida harakatlanuvchi 30 ta avtobusda sinov tariqasida GPS-trekerlar oʻrnatilgan edi. Shundan soʻng 76-sonli “Chor-Bakr bosh bekati-Chorrabot”, 437-sonli “Markaziy bozor-Yangi Turmush” avtobus yoʻnalishlaridagi 30 ta avtobus trekerlar bilan taʼminlanib, GPS-trekerlar oʻrnatilgan avtobuslar soni 60 taga yetdi. Avtobuslarni GPS-trekerlar bilan jihozlash ishlari toʻliq yakunlangandan soʻng ushbu tizim “ZTM” mobil ilovasi bilan integratsiyalanib, yoʻlovchilar yuklab olingan maxsus mobil ilova orqali oʻz turgan nuqtalarida qaysi yoʻnalishdagi jamoat transportlari harakatlanishi, qancha vaqtdan keyin ushbu nuqtaga avtobus kelishi va yoʻnalishdagi avtobuslarning harakatini onlayn kuzatish imkoniyatiga ega boʻladi.
Bundan tashqari “GPS" monitoring tizimi quyidagi afzalliklarga ega boʻlib, ish jarayonlarini takomillashtirishda dolzarb maʼlumotlarni olish imkonini beradi:
1. Tezlikni inobatga olgan holda yoqilgʻi nazorati, yoʻl holati toʻgʻrisidagi aniq va dolzarb hisobotlar.
2. Avtotransport vositasining batafsil hisobot tizimi (toʻxtash joylari, tezlik chegaralari, tezlik oshirilganligi haqidagi maʼlumotlar).
3. Yoqilgʻi quyish va yoqilgʻi toʻkib olish manzili, sanasi hamda vaqti batafsil jadvallar koʻrinishida yaratilganligi.
4. Koʻrsatkichlarni onlayn vaqtda kuzatish (yoqilgʻi sarfi sensori, refrijerator harorati, dvigatel harorati, beton qorishtirgich uzellari va boshqalar).
Ana shu muhim omillarni hisobga olgan holda Buxoro shahrida yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi barcha avtobuslarni GPS-trekerlar bilan jihozlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Buxoro viloyati Transport boshqarmasi matbuot xizmati