Buxoroda harbiy xizmatchilarga yangi uylar topshirildi

    70 nafar harbiy xizmatchiga navbatdagi, yangi va zamonaviy uslubda barpo qilingan uy-joylar foydalanishga topshirilgani harbiylar va ular ota-onalari, yaqinlarini juda xursand qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi bayrami arafasida Buxoro gornizonidagi kuch tuzilmalarda xizmat qilayotgan 70 nafar harbiy xizmatchiga navbatdagi, yangi va zamonaviy uslubda barpo qilingan uy-joylar foydalanishga topshirilgani harbiylar va ular ota-onalari, yaqinlarini juda xursand qildi.

    Buxoro shahrining Amir Temur mavzesida harbiy xizmatichilar uchun “Construction inwestmen” qurilish-pudrat korxonasi binokorlari tomonidan barpo etilgan keng va yorugʻ, barcha zarur shart-sharoit yaratilgan xonadonlarning oʻz egalariga toshirish marosimida shahar mutasaddilari, harbiy gornizon qoʻmondonligi, jamoatchilik vakillari hozir boʻldilar.

    Tantanali marosimda 28 nafar harbiy xizmatchiga uch xonali, 42 nafar harbiy xizmatchiga esa ikki xonali xonadonlar kalitlari topshirildi. Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilib, ayni damda rezervda boʻlgan sakkiz nafar harbiy xizmatchi ham endilikda oʻz xonadoniga ega boʻldi.

    Tadbir davomida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugida xizmat burchini oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari davlat rahbari tomonidan ularga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, koʻrsatilayotgan eʼtibor va eʼzozdan juda minnatdor ekanliklarini taʼkidlab oʻtdilar.

    Shundan soʻng alvon lenta qirqilib, tadbirda yigʻilganlar shinam va zamonaviy turar joyda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.

    Pishiq gʻishtdan barpo qilingan 9 qavatli muhtasham turar joy har biri standart hajmda 60 va 70 kvadrat metrdan iborat boʻlgan 2 va 3 xonali, 50 ta xonadonni oʻz ichiga olgan. “Oʻzshaharqurilishinvest” davlat unitar korxonasi buyurtmasi asosida barpo etilgan mazkur inshoot umumiy qiymatining 25 foizi, yaʼni 4 milliard 269 million soʻm mablagʻ respublika Mudofaa vazirligi tomonidan qoplab berilgani harbiylar va ular oilalari uchun katta imtiyoz boʻldi.

    Muhimi, harbiylar uyida zarur jihozlar, oshxona mebeli va gaz komforkasi, yuvinish tarmogʻi, yana eshik–derazalari oʻrnatib berilgan, emin-erkin yashash uchun barcha shart-sharoit muxayyo qilingan. Qulayligi––uzoq yilga ipoteka krediti asosida rasmiylashtirib berilgan bu turar joy uchun harbiylar hisobidan oyiga toʻlanadigan badal miqdori 1 million soʻmga ham yetmas ekan. Buning uchun ular Prezidentimiz va Mudofaa vazirligidan minnatdor

    Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati