Hindistonning Onmanorama nashri maʼlumotiga ko‘ra, marhuma Kerala shtatining Alappuja tumanida tug‘ilgan 22 yoshli tibbiyot talabasi bo‘lgan. Hodisa yuzasidan ushlangan gumonlanuvchi esa Kerala shtatining Malappuram tumanidan bo‘lgan 23 yoshli kursdoshi ekani aytilmoqda.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, voqea bir necha kun avval ikki talaba o‘rtasida yuzaga kelgan janjal vaqtida sodir bo‘lgan. Nashrning yozishicha, gumonlanuvchi kursdoshining bosh qismiga noutbuk bilan zarba bergan, oqibatda jabrlanuvchi og‘ir tan jarohati olgan.
Talaba shifoxonaga yotqizilgan, biroq shifokorlarning saʼy-harakatlariga qaramay, ichki qon ketishi oqibatida vafot etgan.
Nashr maʼlumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi hodisa sodir bo‘lgan kuni O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushlangan. Ayni paytda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, marhumaning jasadi Hindistonga yuborilgani va yaqin kunlarda u tug‘ilib o‘sgan hududda dafn etilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingan.
Mazkur voqea yuzasidan O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlarining rasmiy axboroti eʼlon qilinsa, ishning huquqiy tafsilotlariga yanada oydinlik kiritilishi kutilmoqda.