Xalqaro anjuman ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va akademik hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim muloqot maydoniga aylandi.
Forum Buxoro
davlat texnika universitetida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Turkiyaning 60
ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, rektorlar, prorektorlar,
professor-o‘qituvchilar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirning
ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, O‘zbekiston oliy ta’lim,
fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim
kengashi raisi Erol Ozvar hamda Buxoro davlat texnika universiteti rektori
Sadoqat Siddiqlova ishtirok etib, forumning ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Ta’kidlanganidek,
keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik
sheriklik darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu jarayon ta’lim sohasida ham o‘zining
yaqqol ifodasini topmoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma
dasturlar, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar
hamda innovatsion loyihalar soni tobora ortib bormoqda.
Forumning
asosiy qismi plenar yig‘ilishlar va tematik muhokamalardan iborat bo‘ldi. Ularda
universitetlar rahbarlari o‘z taqdimotlari bilan qatnashib, oliy ta’lim
tizimidagi zamonaviy tendensiyalar, global raqobat sharoitida universitetlar
o‘rni, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini
muhokama qildi.
Anjuman
doirasida O‘zbekiston–Turkiya ta’lim hamkorligida amalga oshirilayotgan
muvaffaqiyatli loyihalar ham taqdim etildi. Xususan, qo‘shma ta’lim dasturlari,
akademik mobillik, ilmiy hamkorlik va innovatsion ishlanmalar bo‘yicha yangi
tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Forumning
muhim natijalaridan biri sifatida ikki davlat universitetlari o‘rtasida 50
dan ortiq hamkorlik memorandum va shartnomalar imzolandi. Bu kelishuvlar
kelgusida qo‘shma fakultetlar tashkil etish, ikki diplomli ta’lim dasturlarini
kengaytirish, laboratoriyalar va ilmiy markazlar faoliyatini rivojlantirishga
xizmat qilishi kutilmoqda.
Forum uchta asosiy sektsiya bo‘yicha davom etdi. Jumladan, “Kelajak muhandislari: universitet – sanoat integratsiyasi va qo‘shma texnologik yechimlar”, “Oliy ta’limda boshqaruv, sifat va ijtimoiy transformatsiya”, “Tibbiy ta’lim, sport va pedagogikada innovatsiyalar hamda raqamli texnologiyalar” mavzularida muhokamalar tashkil etildi.
Mazkur
sektsiyalarda ikki mamlakatning yetakchi olimlari va mutaxassislari oliy ta’limda
uchrayotgan dolzarb masalalar, ularning yechimlari hamda kelgusi rivojlanish yo‘nalishlari
yuzasidan fikr almashdi. Ayniqsa, universitet va sanoat kooperatsiyasini
kuchaytirish, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish, boshqaruv
mexanizmlarini takomillashtirish va raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng
joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum
qatnashchilari uchun Buxoro shahrining boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish
maqsadida maxsus madaniy dastur ham tashkil etildi. Mehmonlar Bahouddin Naqshband
ziyoratgohiga tashrif buyurib, Buxoroning tarixiy obidalari bo‘ylab ekskursiya
qildi.
Mutaxassislar
fikricha, mazkur forum O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim tizimlari o‘rtasidagi
hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. U ikki davlat
universitetlari o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash, ilmiy salohiyatni
oshirish va xalqaro ta’lim makonida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun yangi
imkoniyatlar ochib berdi.
Shuningdek,
forum yoshlar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy
tadqiqotlar va innovatsion loyihalar ko‘lamini oshirish hamda O‘zbekiston va Turkiya
o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.