Shofirkon tumani “Yangiqishloq” mahallasida yashovchi 1982-yilda tugʻilgan H.Z. ismli shaxs qasddan jinoyat sodir etish yoʻliga oʻtib, oʻzgalar mulkini tovlamachilik yoʻli bilan talon-toroj qilish maqsadida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida yashovchi 2000-yilda tugʻilgan N.O., Shofirkon tumani “Quyi Chuqurak” mahallasida yashovchi 1986-yilda tugʻilgan G.O., Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi 1994-yilda tugʻilgan A.F. hamda Toshkent viloyati Bekobod tumanida yashovchi 2007-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan qiz U.Slar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, guruh aʼzolariga Shofirkon tumanida yashovchi 1992-yilda tugʻilgan J.O. ismli fuqaroning puli koʻp ekanliginivoyaga yetmagan bir qiz topib u bilan jinsiy aloqaga kirishtirib, ularni jinsiy aloqa qilayotgan vaqtida ushlab olib, uni jinoiy javobgarlikka tortish bilan qoʻrqitish orqali koʻp miqdorda pul talab qilib olishga qiziqtirgan.

Jinoiy rejaga koʻra joriy yilning 26-iyul kuni jinoiy sherigi voyaga yetmagan S.Shni jabrlanuvchi bilan (jinoiy sherigi F.A. ga tegishli boʻlgan) Navoiy shahar “Gʻalaba shoh” koʻchasida jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib berib, ular jinsiy aloqa qilayotgan vaqtida uyga toʻsatdan kirib borib, oʻzlarini ichki ishlar organlari xodimlari sifatida tanishtirib goʻyoki jabrlanuvchini jinoyat ustida ushlanganligini va voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganligi uchun qamoqqa olinishini aytib, uni qoʻrqitib, tanasining turli joylariga urib, qoʻl telefoni va avtomashinasining kalitini olib qoʻyib, erkini cheklab, jabrlanuvchiga tegishli boʻlgan “Kobalt” rusumli avtomashinaning orqasiga oʻtqizib, ikkala yon tomoniga jinoiy sheriklarini qoʻyib, uni Buxoro viloyati IIB ga olib borishlarini aytib, 27 iyulga oʻtar kechasi soat 4:30 larda Buxoro shahridagi “Ark” qoʻrgʻoni oldiga olib kelib, jabrlanuvchidan goʻyoki ishni tinchitish uchun juda koʻp miqdorda, yaʼni 15 000 AQSH dollari talab qilganlar.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat IIB TQX JQB masʼul xodimlari tomonidan olingan tezkor maʼlumot asosida 27-iyul kuni tong vaqtida oʻtkazilgan tadbir davomida ushbu tovlamachilar jabrlanuvchining akasidan talab qilingan pullarni olmoqchi boʻlganlarida qoʻlga olinganlar.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 4 nafar ayblanuvchi qamoqqa olingan holda viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati