Biroq ichki ishlar organlari tezkor harakatlari natijasida o‘g‘irlangan mablag‘ to‘liq qaytarildi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yil 1 dekabr kuni jabrlanuvchiga Telegram orqali o‘zini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xodimi sifatida tanishtirgan noma’lum shaxslar qo‘ng‘iroq qilgan. Ular ayolning turli tijorat banklaridagi omonatlari xavf ostida ekanini, bank xodimlari mablag‘larni talon-toroj qilayotganini aytib, pullarni «xavfsiz» kartalarga zudlik bilan o‘tkazishga ko‘ndirgan.

Qo‘rquvga tushgan ayol to‘rtta bankda saqlanayotgan jami 1 milliard 9 million so‘m mablag‘ni firibgarlar aytgan plastik kartalarga o‘tkazib yuborgan. Bir necha kundan so‘ng aldov qurboniga aylanganini anglab yetgach, u ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.

Buxoro viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilib, jinoyatchilar ko‘p bosqichli sxema orqali harakat qilgani aniqlangan. O‘g‘irlangan mablag‘lar turli hududlardagi fuqarolar nomiga ochilgan «drop» kartalar orqali tarqatilgan, bir qismi naqdlashtirilgan va kriptovalyutaga ayirboshlangan.

Tergov davomida ayrim shaxslar o‘z nomidagi bank kartalarini arzon mablag‘ evaziga boshqalarga sotib yuborgani ma’lum bo‘lgan. Ular orasida talabalar va voyaga yetmaganlar ham bor.

2025 yil 10 dekabr kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jinoyiy guruhning ikki nafar asosiy gumonlanuvchisi qo‘lga olingan. Ulardan turli rusumdagi mobil telefonlar, SIM-kartalar, o‘nlab bank kartalari hamda 100 million so‘mdan ortiq naqd pul ashyoviy dalil sifatida olingan.

Eng muhimi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar sa’y-harakati bilan jabrlanuvchining 1 milliard 9 million so‘m mablag‘i to‘liq qaytarilgan.

Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat isi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mutaxassislar fuqarolarni noma’lum shaxslarning qo‘ng‘iroq va xabarlariga ishonmaslikka, bank kartalarini boshqalarga bermaslikka hamda shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga oshkor qilmaslikka chaqirmoqda.