Tadbir Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan aholiga davlatimizning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi oʼzgaruvchan rolini, uning ijtimoiy sohani boshqarishdagi vazifalari va masʼuliyatini tushuntirish, shuningdek, ijtimoiy davlatning oʼzbek modelini, uning shakllanishi va keyingi rivojlanish xususiyatlarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Davra suhbatida Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Sogʼliqni saqlash vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamgʼarmasi (UNICEF)ning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi rahbar darajasidagi masʼul xodimlari va vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, respublika davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, OАV vakillari, ilmiy va taʼlim muassasalari ekspertlari ishtirok etdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga koʼra, “Oʼzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega boʼlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”dir. Mamlakatimiz tarixida birinchi marta Oʼzbekiston ijtimoiy davlat ekani Konstitutsiya darajasida mustahkamlanadi.
Maʼruzada Oʼzbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish yoʼlidan dadil ketayotganini hisobga olib, "Yangi Oʼzbekiston – ijtimoiy davlat" tamoyilini konstitutsiyaviy norma sifatida belgilanishi haqida taʼkidlandi.
Davra suhbati davomida kambagʼallikni qisqartirish, sogʼliqni saqlashning ijtimoiy davlat siyosatining eng muhim yoʼnalishi sifatida rivojlantirish bosqichlari, maktabgacha va maktab taʼlimi tizimini isloh qilish va rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslari, Konstitutsiyada oʼqituvchi maqomini mustahkamlash, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlar va ijtimoiy sohada davlat oldida turgan uzoq muddatli vazifalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida, ishtirokchilar dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini beruvchi platforma yaratilgani uchun tashkilotchilarga oʼz minnatdorchiligini bildirdi.