Yaqinda Buxoro shahrida “Ishga marhamat” monomarkazi oʻz ish faoliyatini boshlaydi. Monomarkaz faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyilgach, Qorakoʻl kasb-hunarga oʻqitish markazi, Buxoro shahridagi Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi, viloyatdagi 8 ta mahalla markazlarida tashkil etilgan oʻquv maskanlar va boshqa nodavlat taʼlim muassasalari bilan birgalikda bir yilda 3 ming nafardan ortiq fuqaroni 14 turdan ortiq kasb-hunar va rus, koreys, ingliz, yapon tillari kabi xorijiy tillarga oʻqitish imkoniyati yaratiladi.

Viloyatda 2021-yilda 2 ming nafarga yaqin fuqaro tashqi mehnat migratsiyasiga ketishdan oldin kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha kurslarga jalb etildi. Ushbu oʻqitilgan fuqarolarning xorijiy ish beruvchi tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan tanlovlarga jalb etilishi natijasida 800 nafardan ortigʻi xorijda qonuniy ish bilan taʼminlandi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.