Qayd etilishicha, ushbu holat shu yilning 30- aprel kuni 4-B-sinfida sodir boʻlgan. Shu kuni sinf oʻquvchilari koʻchada oʻzaro janjallashib qolishadi va bolalardan biri oʻrtogʻining otasiga qoʻngʻiroq qilib, uning oʻgʻlini urishganini aytadi. Ota ( B.Sh.) shu zahoti sinf xonasiga kelib, oʻgʻlini urgan bolalarni boshqalarning oldida kaltaklab ketadi.
Maktab rahbariyati tomonidan otaning noqonuniy xatti-harakati boʻyicha tegishli huquq-tartibot idoralariga rasmiy murojaat qilingan. Shu bilan birga begona shaxsni maktabga bemalol kirishiga yoʻl qoʻygan maktab qorovuli Sh.A bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Shuningdek, oʻz xizmat vazifasiga nisbatan masʼuliyatsizlik bilan yondashgan hamda yuzaga kelgan holatni nazoratsiz qoldirgan maktab direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Sinf rahbari va maktab direktorining tegishli oʻrinbosarlari faoliyatini oʻrganish maqsadida ayni paytda xizmat tekshiruvi amalga oshirilmoqda. Tekshiruv natijalari yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot beriladi.