Buxoro shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish orqali narx-navo barqarorligini taʼminlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli taʼminlash masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.
Suv resurslari yildan yilga kamayib borayotgani oqibatida oziq-ovqat tanqisligi koʻplab davlatlarda kun tartibidagi eng asosiy masalalardan biriga aylanmoqda.
Bunday sharoitda mamlakatimizda paxta va gʻalla maydonlarini qisqartirish hisobiga aholiga dehqonchilik qilishi uchun 200 ming gektar yer maydonlari ajratildi. Natijada:
- 700 ming nafar aholi doimiy, yana 1,3 million nafari mavsumiy ish bilan taʼminlandi;
- 605 ming nafar (90 foiz) dehqonlarning daromadlari koʻpaydi;
- kartoshka bilan oʻzini oʻzi taʼminlaydigan tumanlar 112 taga, piyoz bilan – 144 taga va sabzi bilan – 146 taga yetkazildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda 94 ta tuman va shahar oʻz aholisining kartoshkaga boʻlgan talabini taʼminlay olmaydi, 62 tasi piyoz, 60 tasi sabzi, 84 tasi goʻsht, 139 tasi parranda goʻshti va tuxumni boshqa hududlardan olib keladi.