Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda ayol boshqa bir ayolni turmush o‘rtog‘i bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani uchun samosud qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Buxoro viloyati IIB holat yuzasidan ma’lumot berdi. 

Aniqlanishicha, Jondor tumani "Pahlavon" mahallasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan Z.F. turmush o‘rtog‘i bilan ishqiy munosabatlarga kirishgan tumanning "Yangiobod" mahallasida yashovchi D.D.ni nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, uning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitib, ushbu jarayonni videotasvirga olgan.

Holat D.D.ning murojaati asosida o‘sha vaqtning o‘zida tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tegishli tartibda qayd etilgan va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, ma’muriy ish hujjatlari mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.

Tuman sudining qaroriga ko‘ra, Z.F. MJtKning 41-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga BHMning 4 baravari, ya’ni, 1 mln 200 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.